NASA astronavtlari XKSga quyosh panellarini o‘rnatdi
Amerikalik astronavtlar Josh Kassada va Frenk Rubio XKSga to‘rtinchi iROSA egiluvchan quyosh batareyasini o‘rnatdi.
AQSh astronavtlari, 68-ekspeditsiyaning bort muhandislari Josh Kassada va AQSh Milliy aeronavtika va kosmik makonni tadqiq qilish boshqarmasidan (NASA) Frenk Rubio Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) to‘rtinchi egiluvchan quyosh batareyasini (iROSA) o‘rnatdi. 22 dekabr, payshanba kuni NASA matbuot xizmati xabar berishicha, kosmonavtlar koinotda 7 soat-u 8 daqiqa vaqt o‘tkazib, AQShning Sharqiy qirg‘og‘i vaqti bilan soat 15.27 da (Toshkent vaqti bilan 01.27) chiqishni yakunladi.
iROSA elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini 30 foizga oshirib, stansiyadagi umumiy mavjud hajmini 160 dan 215 kilovattgacha yetkazadi.
Bu kosmik stansiyaga xizmat ko‘rsatish uchun 257-marta va ikkala astronavt uchun uchinchi marta ochiq fazoga chiqishdir.
Kassada va Rubio olti oylik ilmiy missiyasining yarmini XKSda o‘tkazdi, ular mikrogravitatsiya laboratoriyasida ishlayapti va yangi texnologiyalarni, xususan, NASAning "Artemida" Oy dasturi uchun sinovdan o‘tkazyapti.
Ayni paytda astronavtlarning ochiq fazoga chiqishi fonida Xalqaro kosmik stansiyaning Amerika dasturi rahbari Joel Montalbano va "Roskosmos"ning boshqariladigan kosmik dasturlar bo‘yicha ijrochi direktori Sergey Krikalev audio-formatda ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani o‘tkazdi. Ular «Soyuz MS-22» boshqariladigan kosmik kemasining tashqi issiqlik boshqaruv tizimidagi bosimning pasayishi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruvga izoh berdi. Stansiyadan kemani vizual tekshirish avvalroq sovitish suvi sizib chiqqanini tasdiqlagan edi. Yerdagi mutaxassislar ekipajning xavfsiz qaytish variantlarini baholashda davom etmoqda, dedi NASA.
Avvalroq, 15 dekabrga o‘tar kechasi Amerika kosmik agentligi NASA rossiyalik kosmonavtlar Sergey Prokopev va Dmitriy Petelinning rejalashtirilgan ochiq fazoga chiqishini modda sizib chiqqani sababli bekor qilgan edi.
Prokopiyev va Petelin ishlarni bajarish uchun ochiq fazoga chiqishlari kerak edi, uning davomida birinchi marta Yevropa ERA manipulyatoridan foydalanish rejalashtirilgan. Bu Rossiya dasturi bo‘yicha kosmosdagi ishlarni ketma-ket ikkinchi o‘tkazishdir. Bungacha, 25 noyabr kuni o‘sha kosmonavtlar skafandrlardan birining sovitish tizimidagi nasoslarning noan’anaviy ishlashi tufayli o‘z rejalarini bajara olmagan.
Mavzuga oid
15:40 / 18.12.2024
NASA astronavti XKSdan turib galaktikaning noyob suratini oldi
22:00 / 13.12.2024
NASA yangi sun’iy yo‘ldoshi okean tubining eng batafsil xaritasini yaratdi
13:48 / 02.12.2024
Uranda baliq bormi? Olimlar olis sayyorada hayot bo‘lishi mumkinligini aytmoqda
22:21 / 20.11.2024