O‘zbekiston | 12:03 / 15.02.2023
20063
4 daqiqa o‘qiladi

Sobiq aloqa vaziri yangi lavozimga tayinlandi

Vazirlar Mahkamasida qator tayinlovlar amalga oshirildi.

Foto: O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Shuhrat Muhamadjonovich Sodiqov O‘zbekiston Bosh vaziri kotibiyati rahbarining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazirining matbuot xizmati xodimi Bekzod Hidoyatov o‘z Telegram-kanalida xabar bermoqda.

Shuhrat Sodiqov 2008−2010 yillarda «O‘zbektelekom» kompaniyasi direktori bo‘lgan, 2010 yildan 2017 yilgacha Vazirlar Mahkamasining axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti mudiri bo‘lib ishlagan, 2017−2018 yillarda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori bo‘lgan. U 2018 yil avgustidan buyon Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri lavozimida ishlagan.

2021 yil noyabrida O‘zbekistonda Telegram va Instagram bloklanishi ortidan bosh vazir maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov bilan birga iste’foga chiqarilgandi.

Uning o‘tgan vaqt ichidagi faoliyati haqida ma’lum emas. 

U endi prezident farmoni bilan bosh vaziri kotibiyati rahbari etib tayinlangan Abdurashid Jo‘raboyevga (u 2019 yil sentabrdan buyon prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi) o‘rinbosarlik qiladi.

Abdurashid Jo‘raboyev

Jo‘raboyevga yana ikki o‘rinbosar tayinlangan.

Nusratbek Davronqulovich To‘ychiyev Bosh vazir kotibiyati rahbarining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining huquqiy ekspertiza masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.

Nusratbek To‘ychiyev

Davron Narimovich Qalandarov Bosh vazir kotibiyati rahbari o‘rinbosari etib tayinlandi. U bungacha Vazirlar Mahkamasi Yuridik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ishlayotgandi.

Davron Qalandarov

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlariga mudirlar tayinlangan.

Mansurbek Bozorboyevich Jumaniyazov O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning kotibiyati mudiri etib tayinlandi.

Mansurbek Jumaniyazov

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi Hududlarni kompleks rivojlantirish, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi masalalari kotibiyati mudirining o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi.

Izzat Rahmatullayevich Tangriyev O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning kotibiyati mudiri etib tayinlandi.

Izzat Tangriyev

Shu munosabat bilan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari yordamchisi lavozimidan ozod qilindi.

Jamshid Abdusalomovich Abdusalomov O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayevning kotibiyati mudiri etib tayinlandi.

Jamshid Abdusalomov

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi Mahalliy sanoatni rivojlantirish va kooperatsiya aloqalari masalalari kotibiyati mudiri lavozimidan ozod qilindi.

Nodir Muxtorovich Do‘smatov O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamovaning kotibiyati mudiri etib tayinlandi.

Nodir Do‘smatov

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi Oila va xotin-qizlar masalalari kotibiyati mudiri lavozimidan ozod qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil boshidan O‘zbekiston hukumatida ma’muriy-tuzilmaviy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Ijro hokimiyati tizimidagi 86 ta vazirlik va idora 70 taga qisqartirildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasidagi shtatlar soni 269 tadan 120 taga qisqardi.

Vazirlar Mahkamasi apparati o‘rniga hukumat rahbarining faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilindi.

Mavzuga oid