O‘zbekiston | 18:45 / 25.02.2023
34796
2 daqiqa o‘qiladi

To‘rtko‘lda ekin maydonlari va uylarni suv bosdi

Kanaldan sizib chiqqan suv uylarga va ekin maydonlariga zarar yetkazdi. 

Foto: karakalpakstan.uz

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani, Kalta minor ovulida uylarni, ekin maydonlarini suv bosdi.

Hodisa 24 fevral kuni tunda sodir bo‘lgan. Ovuldan oqib o‘tuvchi kanalda suv ko‘payishi sabab yer o‘pirilgani, suv toshqini oqibatida 7-8 ta xonadon zarar ko‘rgani, uy hayvonlari jabr ko‘rgani aytilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi xabariga ko‘ra, shu kunlarda yerning sho‘rini yuvish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ammo ayrim joylarda suvdan me’yoridan ortiq foydalanish holatlari uchramoqda.

«24 fevral kuni soat 3-4 lar atrofida To‘rtko‘l tumanidagi «Kaltaminor-1» xo‘jaliklararo kanalining 192-piketida suv toshishi oqibatida uylar va binolar zararlangan. Vaziyatni yaxshilash maqsadida ishchi kuchlari va maxsus texnika safarbar qilinib, ertalab soat 7:00 da kanaldan suv toshgan joy butunlay yopilgan», deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, suv toshishi oqibatida 8 ta xonadon va 2,5 gektar ekin maydoni zarar ko‘rgan.

Qayd qilinishicha, tuman irrigatsiya bo‘limi balansidagi «Kaltaminor-1» kanali loyiha bo‘yicha 18 metr kub/sekund suv o‘tkazish xususiyatiga ega bo‘lib, o‘sha kuni kanalga 13 metr kub/sekund suv ochilgan. Bu kanalga me’yordan ortiq suv ochilmaganini anglatadi. Kanal qirg‘og‘ida kemiruvchilar uy qurgani sababli, ularning uyasi orqali suv yorib chiqqani ham taxmin qilinmoqda.

Mazkur noxush holat yuz berishida suv xo‘jaligi xodimlarining e’tiborsizligi yoki turli suv iste’molchilari (dehqon, tomorqa yer egalari) tomonidan belgilangan me’yor va qoidalarga rioya qilmasdan, o‘zboshimchalik bilan harakat qilish holatlari aniqlangan.

Ushbu noxush holat mas’ul shaxslar tomonidan o‘rganib chiqilishi ta’kidlangan.

Mavzuga oid