O‘zbekiston | 17:28 / 27.02.2023
19226
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yangi boshliq tayinlandi

Xurshid Hakimov 2021 yilda xorijdan O‘zbekistonga qaytgan shifokorlardan hisoblanadi.

Xurshid Hakimov / Sirdaryo viloyati hokimligi

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Xurshid Anvarovich Hakimov Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

1988 yilda tug‘ilgan X.Hakimov Toshkent tibbiyot akademiyasining bakalavr bosqichini tamomlagach, Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi milliy tibbiyot markazida klinik ordinatura va aspirantura bo‘yicha tahsil olgan.

2020 yildan boshlab bir yil davomida Rossiya Federatsiyasi Moskva oblasti Yegorevsk markaziy rayon kasalxonasida rentgenendovaskulyar xirurg sifatida faoliyat olib borgan.

2021 yilda O‘zbekistonga qaytib, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo viloyati mintaqaviy filialida Rentgenendovakulyar xirurgiya bo‘limi boshlig‘i sifatida ish boshlagan.

X.Hakimov samarali faoliyati uchun «Shuhrat» medali va «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

  • Bungacha Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga Rustam Yo‘ldoshev rahbarlik qilib kelayotgandi.

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Yusuf Sharipovich Mirxonov Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining tibbiy yordamni tashkillashtirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Yusuf Mirxonov / Sirdaryo viloyati hokimligi

1981 yilda tug‘ilgan Yu.Mirxonov Toshkent tibbiyot akademiyasida bakalavr va magistratura bo‘yicha tahsil olgan.

Faoliyatini Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialida boshlagan Yu.Mirxonov bu yerda vrach-xirurg, bo‘lim mudiri, direktor o‘rinbosari kabi lavozimlarda ishlagan.

Tayinlovga qadar Yu.Mirxonov Guliston shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i — ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri sifatida ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid