O‘zbekiston | 11:36 / 30.03.2023
13365
2 daqiqa o‘qiladi

“Orol muammosi men bilan tengdosh” – Bibijan Aralbayeva

Qoraqalpog‘istonda “Konstitutsiya o‘zimizniki” targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda Orol muammosi bo‘yicha faol Bibijan Aralbayeva so‘zga chiqib, onasi baliq zavodida ishlagani, dengizning qurishi ularni qanday qo‘rquvga solgani haqida gapirdi.

Yaqinda BMT minbarida, qoraqalpoq tilida Ibrohim Yusupovning elegiyasidan parcha yangradi. Bu bizlar uchun juda quvonchli.

Orol muammosi men bilan tengdosh. Bobom Orolning rizq-u nasibasi har doim bo‘lsin, Orol boy bo‘lsin degan maqsadda otamga Aralbay deb ism qo‘ygan. 6 yoshligimda bahor boshqacha keldi: atrofda yashillik yo‘q edi, hamma joy sap-sariq, teraklar so‘lib qolgan. Bu bahor mening bolalik jarohatim bo‘ldi. Bir kuni baliq zavodida ishchi bo‘lib ishlagan onamning ko‘zlarida qo‘rquv ko‘rdim. Onam har doim xursand yurardi, ishga borib kelishi u uchun katta motivatsiya bo‘lgan. O‘sha kuni onamning ko‘zidagi qo‘rquv Orolning qurishi, baliq zavodining yopilishi va ishsizlik paydo bo‘lishi bilan bog‘liq edi.

Yangilanayotgan konstitutsiyaning 49-moddasida Orolbo‘yi hududlarida yashovchi xalqning turmush darajasini ko‘tarish, ekologik tizimini muhofaza qilish, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Bu bizning ertangi kunimizni kafolatlaydigan muhim yangilik deb bilaman”, — deya ta’kidladi Bibijan Aralbayeva.

Orol muammosi bo‘yicha faol konstitutsiyaviy islohotlarga befarq emasligini ta’kidlab, jamoatchilikni referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 24 mart kuni Saida Mirziyoyeva BMT bosh qarorgohida tuzilmaning Suv masalalari bo‘yicha konferensiyasida ishtirok etib, O‘zbekiston nomidan chiqish qilgandi. U o‘z chiqishida dunyo hamjamiyatining e’tiborini yana bir bor Orol fojiasiga qaratib, Ibrohim Yusupovning elegiyasidan qoraqalpoq tilida parcha o‘qib berdi.

Mavzuga oid