NATO Kosovoga qo‘shimcha batalon jo‘natyapti
Kosovo shimolidagi norozilik namoyishlari fonida NATO KFOR tinchlikparvarlik missiyasi doirasida mamlakatga qo‘shimcha kuchlar yuborishga qaror qildi. Yana bir zaxira bataloni shay holatga keltirildi.
Kosovo shimolida qaytadan boshlangan norozilik namoyishlari fonida NATO 30 may, seshanba kuni alyans boshchiligidagi KFOR tinchlikparvarlik missiyasi doirasida mintaqaga qo‘shimcha kuchlarni yuborishga qaror qildi. Germaniyaning dpa agentligi Bryusseldagi harbiy suhbatdoshlariga tayanib xabar berishicha, qo‘shimcha kuchlar 700 ga yaqin askardan iborat bo‘ladi. Hozirda Kosovoda KFOR missiyasi doirasida 3800 tinchlikparvarlar bor.
Shimoliy Atlantika alyansi Kosovodagi qo‘shimcha kuchlarning birinchi qismi yetti kun ichida joylashtirilishini ma’lum qildi. Agar bu yetarli bo‘lmasa, tezkor zaxiradagi boshqa batalonga yuqori shay holatga o‘tish buyurildi.
Tinchlikparvarlar sonining ko‘payishi KFOR'ning BMT Xavfsizlik kengashi mandatiga muvofiq Kosovoda xavfsizlikni ta’minlash uchun yetarli kuchlarga ega bo‘lishi uchun zarur, dedi NATOning Neapoldagi ittifoqchi kuchlar qo‘mondonligi rahbari Styuart Mansh.
30 may kuni ertalab yuzlab serbiyalik namoyishchilar Kosovo shimolidagi Zvechan shahri ma’muriyati oldida yana to‘planishdi. Bir kun avval ularning shahardagi namoyishi binoni qo‘riqlashda Kosovo politsiyasiga yordam bergan KFOR kuchlari bilan to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Oqibatda kamida 50 nafar namoyishchi va 41 tinchlikparvar yaralangan. Yevropa Ittifoqi zo‘ravonlikni keskin qoraladi va tomonlarni keskinlikni kamaytirishga chaqirdi. Germaniya tashqi ishlar vazirligi ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi.
Mavzuga oid
15:01 / 20.12.2024
Olaf Shols NATO bo‘yicha ittifoqchilarni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi
07:52 / 19.12.2024
NATO Kiyevga harbiy yordamni muvofiqlashtirishni o‘z zimmasiga oldi
21:58 / 16.12.2024
Rossiya mudofaa vaziri armiyani NATO bilan urushga tayyorlashni buyurdi
19:58 / 13.12.2024