O‘zbekiston | 18:59 / 13.07.2023
10972
3 daqiqa o‘qiladi

Ish haqini natura shaklida to‘lash tartibi belgilandi

Ish haqining natura shaklidagi umumiy summasi 30 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.

Foto: KUN.UZ

«Ish haqini natura shaklida to‘lashni tartibga solish to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, mehnatga natura shaklida haq to‘lanishi xodimning yozma roziligiga asosan quyidagi hollarda mumkin:

- xodim yoki uning oilasi iste’moli uchun ish beruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan va yetishtirilgan oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;

- o‘ziga xizmat ko‘rsatilishi va uy xo‘jaligini yuritishda ko‘maklashish maqsadida uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchi tomonidan uy xizmatchilariga oziq-ovqat va vaqtincha yashash uchun uy-joy bilan ta’minlash shaklida hisob-kitob qilish.

Shuningdek, ish haqini natura shaklida to‘lash sharti xodimning roziligi asosida u bilan tuziladigan mehnat shartnomasida ko‘rsatiladi.

Bunda ish haqining natura shaklidagi umumiy summasi 30 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Xodimning yozma roziligidan qat’i nazar uning ish haqidan:

- 50 foizgacha miqdorda ushlab qolinsa – xodimga natura shaklida to‘lanadigan ish haqining umumiy summasi 10 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin emas;

- 50 foizdan ortiq miqdorda ushlab qolinsa – xodimga ish haqini natura shaklida to‘lash taqiqlanadi.

Ish haqini natura shaklida to‘lashda quyidagilar taqiqlanadi:

- xodimning oylik mehnat haqi qonunchilikda Mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilangan miqdordan oz bo‘lganda, ish haqini natura shaklida to‘lash;

- qishloq xo‘jaligi tovar va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan taqdim etilayotgan mahsulotlarning narxini ularning tannarxidan yuqori belgilash;

- alkogol, tamaki mahsulotlari, dori vositalari, kannabis o‘simligi hamda qonunchilikda realizatsiya qilish (berish) taqiqlangan o‘simlik va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan hisob-kitob qilish;

- uy xizmatchilarini yollagan ish beruvchi tomonidan taqdim etilayotgan oziq-ovqatlar narxini va uy-joydan vaqtincha foydalanganlik uchun to‘lovlar miqdorini haqiqiy bozor narxidan yuqori narxda belgilash.

Mavzuga oid