YeI Minskka qarshi sanksiyalar kiritdi
Yevropa Ittifoqi Belarusda davom etayotgan inson huquqlari buzilishi holatlari munosabati bilan yangi individual sanksiyalar paketini qabul qildi. Bu Minskning Ukraina urushida ishtirok etgani uchun sanksiyalar kiritilgandan so‘ng darhol sodir bo‘ldi.
3 avgust, payshanba kuni YeI Kengashi Belarusda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli bu mamlakatda 38 nafar jismoniy va uch yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bryussel bu shaxslar va tashkilotlarni inson huquqlarining jiddiy buzilishi, fuqarolik jamiyati va demokratik kuchlarni repressiya qilish, shuningdek, Aleksandr Lukashenko rejimini qo‘llab-quvvatlashda aybladi.
Sanksiyalar ro‘yxatiga taniqli targ‘ibotchilar (Vadim Gigin, Kseniya Lebedeva, Yevgeniy Pustovoy), mahkumlarni qiynoqqa solish va ularga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun javobgar bo‘lgan qamoqxonalar va koloniyalar rahbarlari, shuningdek, rejimning demokratik muxoliflari, fuqarolik jamiyati vakillari va jurnalistlarni ta’qib qilishda ishtirok etgan sud hokimiyati vakillari kiritildi.
Sanksiyalar tinch namoyishlar va ish tashlashlarda qatnashgani uchun xodimlarni jazolagan yoki ishdan bo‘shatgan davlat korxonalariga ham tegishli, masalan - Lukashenko rejimini qo‘llab-quvvatlovchi strategik kompaniyalardan biri sanalgan BMZ va «Belneftexim».
Umuman olganda, Yevropa Ittifoqining Belarusga nisbatan cheklov choralari endi 233 jismoniy va 37 yuridik shaxsga nisbatan qo‘llanadi. Ularning aktivlari muzlatib qo‘yiladi va Yevropa Ittifoqi fuqarolari va kompaniyalariga ularga mablag‘ berish taqiqlanadi. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning Yevropa Ittifoqi hududiga kirishi va tranzit o‘tishi taqiqlanadi. Tegishli huquqiy hujjatlar Yevropa Ittifoqining rasmiy jurnalida e’lon qilindi.
Mavzuga oid
16:03 / 20.12.2024
YeIning 15 ta davlati suriyaliklarning boshpana so‘rovini ko‘rib chiqmayapti
13:52 / 19.12.2024
YeI sudi Deripaska va ikki bankni sanksiyalar ostida qoldirdi
15:20 / 18.12.2024
YeI Suriyadagi diplomatik vakolatxonasini qayta ochishga tayyor
16:06 / 17.12.2024