O‘zbekiston | 17:34 / 07.08.2023
30650
2 daqiqa o‘qiladi

Ra’no Jo‘rayeva «Uzbekistan Airports» AJ rahbarligini tark etdi

Javlonbek Umarxo‘jayev «Uzbekistan Airports» AJning yangi rahbariga aylandi.

Foto: Transport vazirligi

Transport vazirligi «Uzbekistan Airports» AJ raisi Ra’no Jo‘rayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqida xabar berdi.

«Kompaniya aksiyadorlari umumiy yig‘ilishining tegishli qaroriga ko‘ra «Uzbekistan Airports» AJ boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Ikki yarim yillik rahbarlik faoliyati davomida Ra’no Jo‘rayeva kompaniyada katta o‘zgarishlarni amalga oshirishga erishdi. 

Xususan, aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirish, kompaniya boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda moliyaviy–iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlari o‘zining ijobiy natijasini berdi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.  

Javlonbek Oybekovich Umarxo‘jayev «Uzbekistan Airports» AJning boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Ra’no Jo‘rayeva kompaniyaga 2021 yil fevralida rahbar etib tayinlangandi. Undan oldin uzoq yillar Rossiyada aviatsiya sohasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2022 yil sentabrida u bilan kelishuv uch yilga uzaytirilgandi.

Mavzuga oid