Sport | 20:29 / 07.10.2023
52900
9 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari kundaligi. Yana ikki oltin va yangilangan rekord

Bir kunda yana 7 medal qo‘lga kiritildi. O‘zbekiston delegatsiyasi oltin medallar va jami medallar soni bo‘yicha Osiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi.

7 oktyabr kuni ham O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo o‘yinlarida 9 ta sport turi bo‘yicha bahslarda o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi. O‘zbekiston jamoasi kunni ikki oltin, beshta bronza medal bilan yakunladi.

Erkin kurash

Erkin kurashchilar uchun turnir muvaffaqiyatsiz yakunlandi - jamoa yakunda atigi ikki bronza bilan kifoyalandi.

Bugungi bahslarda ishtirok etgan to‘rt nafar sportchidan birortasi finalga chiqa olmadi.

Ikki karra Osiyo chempioni, Rio Olimpiadasi va Jakartadagi Osiyo o‘yinlari sovrindori, 38 yoshli kurashchi Magomed Ibragimov (-97 kg) ilk bosqichdayoq eronlik Mujtaba Gulejga yutqazdi (7:13), bu raqibi finalga chiqqani evaziga bronza uchun o‘tish bahslarida qatnashish imkoniga ega bo‘ldi, ammo o‘tish bahslarining birinchisida mo‘g‘ulistonlik Gunkhuyan Ganbatarga mag‘lub bo‘ldi (4:14).

-125 kg vazn toifasi vakili Hasanboy Rahimov ishtirokini yaxshi boshlagandi, u dastlabki bosqichda Janubiy Koreya vakili Yehun Jung to‘sig‘idan o‘tdi (9:0), chorakfinalda yaponiyalik Taiki Yamamotoni ham taslim etdi (5:0). Ammo yarimfinalda mo‘g‘ulistonlik Munkturga yutqazdi (0:2), bronza uchun kechgan bahsni ham qirg‘izistonlik Ayal Lazarevga boy berdi (6:7).

O‘z vazn toifasi favoriti bo‘lgan Bekzod Abdurahmonov (-74 kg) ishtirokini Bahrayn nomidan qatnashgan Magomedrasul Asluyev ustidan g‘alaba qozonish bilan boshladi (2:0), keyin qozog‘istonlik Darxan Yessengalidan ustun keldi (3:1), ammo yarimfinalda yaponiyalik Kirin Kinoshitaga yutqazib qo‘ydi (0:6). Bronza uchun bahsda turkmanistonlik Perman Hommadovni mag‘lub etdi (4:0).

Shu tariqa, Tokio olimpiadasi sovrindori, Osiyo chempionati va Osiyo o‘yinlarining ikki karra g‘olibi bu safar oltinga ega chiqa olmadi.

-86 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Javrail Shapiyev dastlabki bosqichda pokistonlik Haydar Ali Buttga imkoniyat qoldirmadi (11:0), keyin qozog‘istonlik Azamat Davletbekovdan ustun keldi (4:3). Ammo yarimfinalda Puniya Dipakka yutqazdi (3:4) va Bahrayn nomidan qatnashgan Magomed Sharipovni yengib (3:0), bronza medali bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.

Karate

Karate WKF yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi a’zosi Sevinch Rahimova delegatsiya uchun navbatdagi oltin medalini taqdim etdi.

-55 kg vazn toifasida qatnashgan yosh sportchi 1/8 finalda tailandlik Chokprasetrgulni (1:0), chorakfinalda mezbon sportchi Dingni (7:0), yarimfinalda janubiy koreyalik Hvangni (8:0) mag‘lubiyatga uchratib, final chiqdi. Oltin uchun bahsdada esa Taybey vakili Sui-Ping Kuni mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. 

Osiyo chempionatining ko‘p karra sovrindori, 2018 yil Jakartada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida kumush medalni qo‘lga kiritgan Sadriddin Saymatov esa ishonchni oqlamadi. -67 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi ilk bosqichda qirg‘izistonlik Nurlanbek Kalis Uluga qarshi bahs o‘tkazdi, jang yakuniga 10 soniya qolayotgan vaqtda 4:2 hisobida ustunlik qilib turgan Saymatov so‘nggi soniyalarda zarbalarni o‘tkazib yubordi va mag‘lub bo‘ldi (4:5).

8 oktyabr kungi bahslarda karate jamoasining yana bir vakili Shahrizoda Ismatillayeva (-50 kg) o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazadi.

Futbol

Osiyo o‘yinlari-2022 futbol dasturida 3-o‘rin uchun bahsda O‘zbekiston olimpiya jamoasi Hongkongga qarshi maydonga chiqib, turnir tarixida 29 yil o‘tib bronza medaliga ega chiqdi. 

Temur Kapadze shogirdlari turnirda uchinchi marta Hongkongga qarshi ro‘baro‘ kelishdi. Guruh bosqichida ikki marta raqib ustidan kichik hisobda (1:0, 2:1) g‘alabaga erishgan olimpiyachilar medal uchun bahsda raqib darvozasiga javobsiz to‘rtta gol yo‘lladi – 4:0. Alisher Odilov birinchi bo‘lim oxirida hisobni ochgan bo‘lsa, Husayn Norchayev dublga erishdi, Alibek Davronov esa yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Shu tariqa, O‘zbekiston bronza medaliga ega chiqib, Osiyo O‘yinlari futbol bahslarida 29 yil o‘tib sovrindorlar qatorida bo‘ldi. Bungacha turnirdagi ilk medal Xirosimada o‘tgan 1994 yilgi turnirda qo‘lga kiritilgan – oltin.

Yarimfinalda O‘zbekiston jamoasini mag‘lub etgan (2:1) Janubiy Koreya esa finalda Yaponiya ustidan ham g‘alaba qozonib (2:1), Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Og‘ir atletika

+87 kg vazn toifasida ishtirok etgan Tursunoy Jabborova dast ko‘tarishda 118, siltab ko‘tarishda 142 kg tosh ko‘tardi, ammo uning natijasi (260) beshinchi bo‘ldi. Bu vaznda Janubiy Koreya vakillari oltin (294) va kumush (283), Tailand vakili bronza (275) qo‘lga kiritdi.

2018 yil Jakartadagi Osiyo o‘yinlari bronza medali sovrindori bo‘lgan Rustam Jangaboyev o‘z natijasini takrorladi. +109 kg vazn toifasida ishtirok etgan og‘ir atletikachi dast ko‘tarishda 190, siltab ko‘tarishda 233 kg toshni o‘ziga bo‘ysundirib, jami 423 kg natija bilan uchinchi bo‘ldi.

Bu vaznda g‘oliblik Bahrayn nomidan qatnashib, Osiyo o‘yinlari rekordini yangilagan Gor Minasyan tomonidan qo‘lga kiritildi (212+245=457), ikkinchi o‘rinni esa eronlik Ali Dovudi egalladi - u ikkikurash natijasiga ko‘ra 426 kg tosh ko‘tardi (192+234).

Shaxmat

O‘zbekiston yigitlar jamoasi so‘nggi 9-turda Tailand ustidan 4:0 hisobida g‘alaba qozondi va uchinchi o‘rinni egalladi. Oltin Eron jamoasiga, kumush Hindiston jamoasiga ketdi.

Qizlar jamoasi esa so‘nggi turni Qozog‘istonga qarshi o‘tkazib, 1:3 hisobida yutqazdi. Xitoy, Hindiston va Qozog‘iston jamoalari mos ravishda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallashdi.

Shu tariqa, shaxmat jamoasi jami to‘rt medal qo‘lga kiritdi. Yakkalik bahslarida Nodirbek Abdusattorov va Umida Omonova kumush, Javohir Sindarov bronza medalni qo‘lga kiritgandi.

Slalomda eshkak eshish

Baydarka slalomida eshkak eshish bo‘yicha yarimfinal bellashuvlarida ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi a’zosi Jonibek Temirgaliyev final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. U 106.30 soniya bilan to‘rtinchi natijani qayd etdi. Ammo finalda ham to‘rtinchi o‘rinda qolib ketdi. Bu dasturda medallar Xitoy, Yaponiya va Taybey vakillariga nasib etdi.

O‘zbekistonning ikkinchi vakili Shahobiddin Boltaboyev esa yarimfinalda 11-o‘rinni egallagan.

Jiu-jitsu

Ushbu sport bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi turnirni o‘ta muvaffaqiyatsiz yakunladi, jamoaning so‘nggi vakili Ozoda Nurmatova ilk bosqichdayoq BAA vakili Muhra Mahfudga yutqazdi (2:50).

Sinxron suzish

Final bosqichiga chiqqan Diana Onkes va Ziyodaxon To‘raxo‘jayeva juftligi yakunda oltinchi o‘rinni egalladi. Bu dasturda medallar Xitoy, Yaponiya va Qozog‘iston vakillariga nasib etdi.

Badiiy gimnastika

Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi Taxmina Ikromova delegatsiyaga navbatdagi oltin medalni taqdim qildi. Yakkalikning ko‘pkurash dasturida ishtirok etgan sportchi 131.300 ball bilan eng yaxshi natijani qayd etdi. Qozog‘istonlik Eljana Taniyeva hamda Milana Parfilova ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egalladi, o‘zbekistonlik Evelyana Atalyans to‘rtinchi o‘rinda qolib ketdi va sovrindorlar qatoriga kira olmadi.

Parij-2024 Olimpiadasi lisenziati 6 oktyabr kungi bahslarda jamoamiy dasturda ham oltin medalga ega chiqqan edi.

***

Kun yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 22 taga, bronza medallar soni 31 taga yetdi, kumush medallar soni 18 taligicha qoldi. O‘zbekiston jami 71 ta medal bilan umumiy reytingda 5-o‘rinni egallab turibdi.

Bu orqali O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi natijasi qayd etilmoqda. Oltin medallar soni bo‘yicha ham, jami medallar soni bo‘yicha ham Jakarta-2018 natijasi yaxshilandi. Indoneziyadagi turnirda O‘zbekiston 21 ta oltin medal (jami 70 ta) qo‘lga kiritgandi, ammo doping tufayli kurash jamoasining bir oltini olib qo‘yilgandi.

Mavzuga oid