Jahon | 13:30 / 25.11.2023
8343
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml NATOda taklif etilgan «harbiy Shengen» g‘oyasini tanqid qildi

Bir kun oldin NATOda qo‘shinlarni Yevropa bo‘ylab tez o‘tkazishga byurokratik cheklovlar to‘sqinlik qilayotgani aytilgandi.

Foto: AP

Kreml Yevropada «harbiy Shengen» - NATOning Shengen zonasiga o‘xshash erkin harbiy harakatlanish zonasini yaratish g‘oyasini «keskinlikni oshirish» deb atadi. Bu haqda 24 noyabr, juma kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, NATO har doim Rossiyani «shartli dushman» deb hisoblagan. «Endi u (alyans) bizning mamlakatimizni ochiqchasiga dushman deb hisoblay boshladi. Bu Yevropadagi keskinlikni kuchaytirishdan boshqa narsa emas, bu tegishli oqibatlarga olib keladi», - dedi Kreml vakili. Uning fikricha, Yevropa Kremlning «tashvishlariga quloq solishni istamaydi» va «xavfsizlikning ajralmasligi haqidagi o‘zgarmas tamoyildan chetlashmoqda». 

«Harbiy Shengen» bo‘yicha taklif 

Bir kun avval NATO Logistika va ta’minot qo‘shma qo‘mondonligi rahbari, germaniyalik general Aleksander Zolfrank Reuters agentligi bilan suhbatda «harbiy Shengen», ya’ni Shengen zonasiga o‘xshash narsa, Yevropa Ittifoqining aksariyat qismida qo‘shinlar erkin harbiy harakat zonasini tashkil etishni taklif qildi. Bu, boshqa narsalar qatori, agar kerak bo‘lsa, NATOning sharqiy qanotiga qo‘shin va qurollarni tezkorlik bilan o‘tkazish uchun zarur, deya tushuntirdi u. 

«Biz bir qadam oldinda bo‘lishimiz kerak. 5-modda qo‘llanishidan ancha oldin harakat teatrini tayyorlashimiz kerak», dedi Zolfrank. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi byurokratiya qo‘shinlarni Yevropa bo‘ylab tezkorlik bilan o‘tkazishga to‘sqinlik qilmoqda. 

«Bizda qoidalar ko‘p, ammo yetishmayotgan yagona narsa - vaqt. Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi zaxiralarni tugatish urushiga aylandi, zaxiralarni tugatish urushi esa - logistika jangi», - dedi NATO harbiy qo‘mitasi rahbari Rob Bauer Reuters agentligiga.

Mavzuga oid