O‘zbekiston | 14:59 / 13.03.2024
11244
3 daqiqa o‘qiladi

Ikki hududda yer maydonlarini sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi 

Yer maydonlarini sotmoqchi bo‘lgan firibgarlar ushlandi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyat boshqarmasi va IIV xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro G.Ya. fuqaro A.X.ning ishonchiga kirib, go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Yangiyo‘l tumanidagi S. va A.O. shirkati a’zolariga tegishli bo‘lgan 112 sotix yer maydonini 227 400 AQSh dollari evaziga uning nomiga rasmiylashtirib olib berishini va’da qilib, ushbu pullar hisobidan 30 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departament hamda DXXning Andijon viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda, Asaka tumanida faoliyat yurituvchi “O.Yo.” fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi F.A. va “S.P.” fermer xo‘jaligi rahbari I.S. o‘zaro til biriktirib, “O.Yo.” fermer xo‘jaligiga uzoq muddatga sotish huquqisiz ajratilgan 30 sotix yer maydonini fuqarolar O.V. va X.T.ga firibgarlik yo‘li bilan sotishga kelishib, go‘yoki kadastr bo‘limida ishlovchi tanishlari yordamida yer maydoni hujjatlarini rasmiylashtirib berishlarini aytib, 30 000 AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Parkent tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda, fuqaro M.M. qo‘shnisi B.U.ning ishonchiga kirib, unga “Markaziy” MFY hududidagi 12 sotix yer maydonini go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida rasmiylashtirib olib berishini va’da qilib, evaziga 31 mln so‘m va 3 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan. Tekshiruv davomida M.M. tomonidan 10 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid