O‘zbekiston | 11:24 / 18.03.2024
32825
2 daqiqa o‘qiladi

Davron Hidoyatov yangi lavozimga tayinlandi

Muqaddam qo‘mita raisi, viloyat hokimi lavozimlarida ishlagan Hidoyatov o‘tgan haftada Chirchiq shahri hokimi lavozimini tark etgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent viloyati Chirchiq shahrining sobiq hokimi Davron Hidoyatov «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Bu ma’lumotni Kun.uz manbasi tasdiqladi.

U bu lavozimda 2020 yil yanvaridan buyon ishlab kelgan va shu kunlarda boshqaruv raisining sotuvni rivojlantirish va marketing bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan Sardor Tajiyevning o‘rnini egallagan bo‘lishi mumkin.

Davron Hidoyatov (1976 yilda tug‘ilgan) — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti (1998 yil) va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasi (2001) bitiruvchisi. 1996–2004 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida, 2004–2005 yillarda «Osiyo-Invest Bank» (Moskva) boshqaruvi raisi lavozimida, 2005–2009 yillarda O‘zbekiston Markaziy banki tizimida ishlagan.

2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida xizmat qilgan.

2014–2017 yillarda O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni kuchaytirish davlat qo‘mitasi raisi, 2017–2018 yillarda Chilonzor tumani hokimi, 2018–2021 yillarda Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Davron Hidoyatov 2021 yil yanvar oyidan Toshkent viloyati hokimi bo‘lgan, o‘sha yil noyabrida ishdan olinib, Chirchiq shahri hokimi lavozimiga tushirilgan edi. 2024 yil mart oyida esa boshqa ishga o‘tayotgani munosabati bilan shahar hokimligini tark etgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid