O‘zbekiston | 12:09 / 03.04.2024
23804
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlandi

U bir yildan buyon Toshkent shahri hokimi «v. b» sifatida ishlab kelayotgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

3 aprel kuni Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilingan.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilgan. Prezident Toshkent shahri hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Shavkat Bo‘ronovich Umurzoqov nomzodini tavsiya etgan.

Shahar hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yilgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Shavkat Umurzoqov Toshkent shahri hokimi etib tasdiqlangan. 

Davlat rahbari xalq vakillari bildirgan bu yuksak ishonch yangi hokimdan katta mas’uliyat, tinimsiz mehnat va fidoyilikni talab qilishini ta’kidladi. 

Yangi hokim o‘z o‘rinbosarlari, tuman hokimlari, sektor va bank rahbarlari, «mahalla yettiligi» bilan poytaxt aholisi uchun munosib sharoit yaratish, investitsiya olib kelib, yangi-yangi yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirish, shaharni yanada obod qilish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar rozi bo‘lishi uchun yangicha yondashuv asosida katta marralarni olib, qattiq ishlashi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shavkat Umurzoqov 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam prokuratura tizimida ishlagan, 2011 yil iyunidan 2013 yil sentabriga qadar Toshkent viloyati prokuraturasining iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan, 2013–2018 yillarda O‘zbekiston bosh prokuraturasida Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

2018 yil iyunidan 2023 yil martiga qadar «O‘zavtosanoat» AJ raisi bo‘lib ishlagan.

2018 yil aprelidan Toshkent shahriga hokimlik qilgan Jahongir Ortiqxo‘jayev 2023 yil yanvarida ishdan bo‘shatilgach, bir muddat shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘lib turgandi, 2023 yil martida esa Shavkat Umurzoqov poytaxt hokimi vazifasini bajaruvchi sifatida ish boshlagandi.

Mavzuga oid