Jahon | 15:12 / 07.12.2024
1804
3 daqiqa o‘qiladi

YeI va Mercosur bloki savdo bo‘yicha kelishuvga erishdi

Yevropa Ittifoqi va Janubiy Amerika to‘rtta davlatining Mercosur bloki o‘rtasida erkin savdo bo‘yicha 20 yildan ortiq davom etgan muzokaralar shartnoma kelishuvi bilan yakunlandi. U yiliga 4 milliard yevrolik bojxona to‘lovlarini bekor qiladi.

Foto: AP

Yevropa Komissiyasi va Braziliya, Argentina, Urugvay va Paragvayni o‘z ichiga olgan Mercosur blokining to‘rtta Janubiy Amerika davlati yigirma yillik muzokaralardan so‘ng Urugvay poytaxti Montevideoda erkin savdo bitimini yakunladi. Bu haqda 6 dekabr, juma kuni Reuters agentligi xabar berdi.

Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen so‘zlariga ko‘ra, bu yangi ish o‘rinlarini yaratish va har yili umumiy qiymati 4 milliard yevrolik bojxona to‘lovlarini bekor qilishga imkon beradi. Germaniya hukumati Yevropa Ittifoqining Xitoy bilan savdoga bog‘liqligini kamaytirishga qaratilgan bu harakatni olqishladi, deya qayd etadi Reuters. U bu safar YeI tomonidan qabul qilinadimi yoki yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.

Savdo shartnomasi Yevropa Ittifoqi aholisining 65 foizini tashkil qiluvchi 27 ta Yevropa Ittifoqi davlatidan 15 tasi, shuningdek, Yevropa Parlamentida ko‘pchilik tomonidan ma’qullanishi kerak. 2019 yilda dastlabki kelishuvga erishildi, ammo ratifikatsiya qilinmadi.

YeI qator davlatlari - Mercosur bilan kelishuvga qarshi

Reuters ta’kidlaganidek, Fransiya hukumati fermerlari uchun salbiy oqibatlardan qo‘rqib, ko‘p yillardan buyon ushbu kelishuvga qarshi qattiq kurashib kelmoqda. Avstriya, Polsha va Niderlandiya ham shubha bilan qaraydi, Italiya bunday shartnomaning maqsadga muvofiqligiga shubha bildirdi. Shunday qilib, yaqinda o‘z faoliyatini boshlagan yangi Yevropa Komissiyasi ushbu hujjatni imzolash orqali siyosiy tavakkal qilmoqda. O‘z navbatida, Ursula fon der Lyayyen bir qator davlatlar tomonidan bildirilgan xavotirlar inobatga olingani, ehtiyot choralari ishlab chiqilganini aytdi.

Yevropa Ittifoqining 27 davlati va Mercosur o‘rtasidagi erkin savdo shartnomasi 700 milliondan ortiq aholiga ega dunyodagi eng yirik savdo zonalaridan birini yaratadi. Muvaffaqiyatli ratifikatsiya qilinsa, u jahon iqtisodiyotining qariyb 20 foizini va global mahsulot eksportining 31 foizdan ortig‘ini qoplaydi.

Mavzuga oid