Jahon | 08:56 / 28.12.2024
2116
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga 1,25 mlrd dollarlik yordam paketini tayyorlamoqda

Navbatdagi harbiy yordam paketining ajratilishi 30 dekabr kuni Vashingtonda rasman e’lon qilinadi. Paketga artilleriya snaryadlari, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar va "Stinger" ko‘chma ZRK kiradi.

Foto: AFP

Qo‘shma Shtatlar Rossiya agressiyasini qaytarish uchun Ukrainaga taxminan 1,25 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini tayyorlamoqda. Bu haqda 27 dekabr, juma kuni AP agentligiga anonimlik sharti bilan ikki amerikalik amaldor ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, bu haqda 30 dekabr kuni rasman e’lon qilinadi.

Boshqa narsalar qatorida, paketga 155 va 105 millimetr kalibrdagi ko‘p sonli artilleriya snaryadlari, "Stinger" ko‘chma ZRK uchun raketalar, HAWK va NASAMS havo mudofaa tizimlari uchun o‘q-dorilar kiradi.

Agentlik ta’kidlaganidek, Jo Bayden ma’muriyati 20 yanvarga belgilangan prezidentlikka saylangan Donald Trampning qasamyod qilishiga qadar Pentagon zaxirasidan Ukrainaga berilgan 5,6 milliard dollarlik harbiy yordamning qolgan barcha mablag‘laridan foydalanishga ulgurmasligi mumkin. Joriy hafta Bayden Mudofaa vazirligiga Kiyevga qurol yetkazib berishni ko‘paytirishni davom ettirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Bundan tashqari, Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonda Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi orqali uzoq muddatli moliyalashtirish uchun taxminan 1,2 milliard dollar qolgan. Bu mablag‘lar bir yil va undan ko‘proq vaqt davomida yetkazib beriladigan qurol-yarog‘lar bo‘yicha shartnomalarni to‘lashga sarflanadi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, ma’muriyat bu pullarning barchasini kalendar yili oxirigacha berishi kutilmoqda.

Yaponiya RF aktivlari hisobidan Ukrainaga 3 mlrd dollar beradi

Yaponiya hukumati Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan tushgan daromad hisobidan Kiyevga yana 3 milliard dollar o‘tkazadi. Bu haqda 25 dekabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Yaponiya bosh vaziri Shigeru Ishiba bilan telefon suhbatidan so‘ng ma’lum qildi. Bir oy oldin Tokio G7 mamlakatlari tashabbusi doirasida Ukrainaga xuddi shunday miqdorni ajratgan edi: u Kiyevga Rossiya aktivlari garovi bilan umumiy qiymati 50 milliard dollar miqdorida kredit berishni nazarda tutadi.

Zelenskiy Shigeru bilan suhbatda Yaponiya hukumati va xalqiga «minglab odamlarning hayotini saqlab qolish imkonini beruvchi umumiy qiymati 12 milliard dollarlik yirik gumanitar va moliyaviy yordam uchun» minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, u Yaponiya bosh vaziriga 25 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina energetika infratuzilmasini ommaviy ravishda o‘qqa tutgani haqida gapirdi.

Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshidan beri Kiyevga moliyaviy, gumanitar va noharbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Mavzuga oid