O‘zbekiston davlat tashqi qarzi kamaytirilgan holda aytilyaptimi?
O‘zbekiston davlat tashqi qarzi aslida qanchani tashkil etadi? Nega xususiy tashqi qarz hisobotlarda davlatning tashqi qarzidan ajratilgan?
O‘zbekiston tashqi qarzi 27 milliard dollarli chegaradan o‘tdi, bu o‘sish kelgusi yilda ham kuzatiladi. Joriy yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi qarzi 27,6 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan, 17,5 milliard dollar qismi davlatning tashqi qarzi bo‘lib, 10,1 milliard dollar tashqi qarz xususiy sektor zimmasiga to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodchi Odil Olimjonov Kun.uz’ga bergan intervyusida tashqi qarz va uning turlarini quyidagicha ifodalaydi:
«Tashqi qarz – biror-bir mamlakat boshqa mamlakatdan yoki boshqa mamlakatdagi kompaniyalardan, banklardan, xususiy tashkilotlardan oladigan qarz hisoblanadi. Tashqi qarz ikki turga bo‘linadi: davlat qarzi va xususiy (korporativ) qarz. Ko‘pincha bu ikkisining farqini tushunmasdan umumiy qarz haqida gap ketadi. Bu narsa bir tarafdan to‘g‘ri. Ammo boshqa tarafdan unchalik to‘g‘ri emas. Chunki O‘zbekistonning bir kompaniyasi xususiy yo‘l bilan, qaysidir soha bo‘yicha, chetdan qarz olgan bo‘lsa, qarz mas'uliyati o‘sha kompaniyaning zimmasida bo‘ladi», — degan u.
Haqiqatan, hukumat kafolati ostida yoki davlat olgan qarzlar davlatning tashqi qarzlari hisoblanadi. Bular qo‘shilib, ya'ni davlat qarzi bilan xususiy kapital qarzi qo‘shilib, umumiy tashqi qarz tushunchasini hosil qiladi.
Ayni paytda, xususiy sektorga xorijdan jalb etilgan qarzning 45 foizi bank, 44 foizi esa neft-yoqilg‘i sektoriga to‘g‘ri keladi. Ya'ni rasmiylar xususiy tashqi qarz sifatida ko‘rayotgan 10,1 milliard dollarning 86 foizi davlat ulushiga ega yirik energetika kompaniyalari va banklar tomonidan jalb etilgan. Hujjatlarda bu korporativ qarz sifatida e'tirof etilsa ham, amalda bu davlat boshqaruvi va ulushi bilan faoliyat olib borayotgan kompaniyalar qarzi hisoblanadi. Mutasaddilarning bu masalada qarashlari esa biroz farqlanadi.
«Metodologiyadan kelib chiqib tushuntirsak, agar davlat korxonasi yoki davlat ulushiga ega korxona tashqaridan qarz jalb etsa, bu qarz davlatniki emas. Bu qarzni aslida Markaziy bank tegishli sektor yo institutsional tarmoqda ko‘rsatadi», — deydi Markaziy bank departamenti direktori o‘rinbosari Otabek Tojiddinov.
Iqtisodchi va moliyachilar shu o‘rinda bir savolni ochiq qoldirmoqda: agar xususiy sektor sifatida ko‘rilayotgan davlat bank va kompaniyalari jalb etgan tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish qobiliyatini yo‘qotsa, qarzni kim qaytaradi? Qarz kompaniyaning ustavdagi pullari yo balansdagi aktivlari orqali qaytariladimi? Shunda davlat korxonaning qarz majburiyatini zimmasiga oladimi?
«Bu tarafdan qaralsa, to‘g‘ri. Davlatning 4ta yo 5ta banki mana shu qarzning 45 foiz ulushini tashkil etyapti. Ammo qarzlar o‘sha banklar kafolati ostida jalb etilgani uchun, qarzni hisoblash metodologik asosi sifatida shu omil inobatga olinadi», — deydi Markaziy bank departamenti direktori Jasur Fayzullaxo‘jayev.
Otabek Tojiddinovning qayd etishicha, korxonalarning to‘lov qobiliyati yomonlashib, qarzga xizmat ko‘rsatish qobiliyati yo‘qolsa, ushbu qarz real sektordagi korxonalar tarkibidan olib, davlat kafolati boshlansa, qarz davlat sektoriga o‘tkaziladi.
Shunga qaramay, bir nechta savollardan keyin ayon bo‘ladiki, davlat tashqi qarzi statistikasini tartibga solishda hukumat kafolati bo‘lgan yo yo‘qligi emas, balki ustavdagi ulush kimga tegishli ekaniga e'tibor qaratish lozim.
Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.
Mavzuga oid
16:56 / 07.12.2024
Xitoy kreditlarining ikkita asosiy xavfi aytildi
19:22 / 05.12.2024
2024 yil uchun tashqi qarz limiti 5 mlrd dollardan 7,3 mlrd dollarga oshirilgan
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
17:21 / 29.10.2024