O‘zbekiston | 09:10 / 02.04.2023
24583
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

Shuningdek, Xorazm viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga bosh shifokor va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm filialiga direktor tayinlandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Sodiqjon Boboyevich Sodiqov Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

1979 yilda tug‘ilgan S. Sodiqov 1-Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filialini tamomlagach, mehnat faoliyatini 2006 yilda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm filialida kardiolog-shifokor sifatida boshlagan.

2009–2010 yillarda «Salomatlik-2» va «Ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish» qo‘shma loyihasining viloyat byurosi direktori sifatida ishlagan. Shuningdek, 2010–2021 yillarda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining umumiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib xizmat qilgan.

S. Sodiqov ushbu lavozimga tayinlanguniga qadar Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

  • Xorazm viloyati SSBga 2020 yil dekabridan buyon Inoyat Hajiyev rahbarlik qilib kelayotgandi. 

Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i bilan Kupalbay Raimberdiyevich Tangriberdiyev viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori lavozimiga tayinlandi. 

Kupalbay Tangriberdiyev

1976 yilda tug‘ilgan K.Tangriberdiyev 2000 yil 1-Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filialini tamomlab, ushbu muassasada kafedra assistenti, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida shifokor vazifalarida ishlagan.

Keyinchalik viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi «Salomatlik-2» va «Ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish» qo‘shma loyihasining viloyat byurosi direktori, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i (2020 yilga qadar) kabi qator mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan.

Ushbu mutaxassis tayinlovga qadar Xonqa tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan edi. 

Shuningdek Husan Nurullayevich Bekchanov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm filialiga direktor etib tayinlandi.

Husan Bekchanov

H. Bekchanov 1979 yilda Bog‘ot tumanida tug‘ilgan. 2003 yilda 1-Toshkent davlat tibbiyot institutini, 2006 yilda Toshkent tibbiyot akademiyasida xirurgiya yo‘nalishi magistraturasini tamomlagan.

Tibbiyot fanlari nomzodi bo‘lgan mutaxassis faoliyati davomida akademik V.Vohidov nomli respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi jarrohi, Toshkent viloyati o‘sma kasalliklar dispanseri birinchi jarrohlik bo‘limi mudiri lavozimlarida ishlagan.

H.Bekjanov 2003 yildan beri Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Xorazm filiali shoshilinch xirurgiya bo‘lim mudiri lavozimida mehnat qilib kelayotgan edi.

Mavzuga oid