O‘zbekiston | 21:31 / 23.02.2024
17239
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shtepa tumaniga yangi hokim tayinlandi

2018 yildan buyon tumanga rahbarlik qilgan Ilyosbek Novikov ishdan ketgan.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Anvarjon Abdullayev Qo‘shtepa tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Xalq deputatlari Qo‘shtepa tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi. 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etgan sessiyada lavozimidan ozod etilgan Ilyosbek Novikov o‘rniga yangi tuman hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi. 

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan Anvarjon Aliyevich Abdullayev nomzodi Qo‘shtepa tumani deputatlari tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi va hozirga qadar viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Anvarjon Abdullayev Qo‘shtepa tumani hokimi etib tasdiqlandi. 

Anvarjon Abdullayev 1982 yilda O‘zbekiston tumanida tug‘ilgan. 2004 yilda Farg‘ona politexnika institutini tamomlagan. 2004–2014 yillar davomida Qo‘qon shahar statistika bo‘limida, 2014–2022 yillarda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston va Dang‘ara tumani hokimliklarida mas’ul lavozimlarda, 2022–2023 yillarda esa Farg‘ona viloyati mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 

2023 yildan tayinlovga qadar viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

Ilyosbek Novikov Qo‘shtepa tumaniga 2018 yil iyunida rahbar etib tayinlangandi.

Ilyosbek Novikov

2024 yil yanvar oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilda 16 ta tumanda birorta ko‘p qavatli uy-joy qurilmagani, hokimlar buni reja ham qilmaganini aytgan va bosh vazirga mazkur tumanlar hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirgandi. Bu hokimlar orasida Novikov ham bor edi.

O‘sha yig‘ilishda tanqidga uchragan Bag‘dod tumani hokimi Yusufjon Husayinov ham ishdan ketgan. Uning o‘rniga G‘anijon Soliyev tayinlangan.

Mavzuga oid