Jamiyat | 10:30 / 28.06.2019
13546
3 daqiqa o‘qiladi

Rishtonda chinorlar nega kesilmoqda?

Bugun ertalabdan Farg‘ona vodiysi, aniqrog‘i Rishton tumanidan xavotirli xabar keldi. Rishton tumanining markaziy ko‘chasidagi chinorlar o‘zi keng bo‘lgan yo‘lni «kengaytirish bahonasida» kesilmoqda, — deb yozmoqda ekolog.uz.

«Aholi norozi, ammo bu noroziligini faqatgina uydan chiqmay bildirishmoqda. Mazkur daraxt kesilishlari qanchalik qonuniy? Nahotki, obodonlashtirish va qurilish ishlarini daraxtlarni nobud qilmasdan amalga oshirish mumkin bo‘lmasa? Ularning o‘rniga keyinchalik ekiladigan ko‘chatlar 50-80 yillik chinoralardek bo‘lganicha bir inson umri o‘tadi (agar o‘rniga yana archa emas, chinor ekilsa, albatta!). Bunga tuman hokimi Tavakkal Rahimov, Farg‘ona viloyati va tuman ekologiya qo‘mitasi bo‘limlari, Ekologik partiya va Ekoharakat tuman bo‘limlari qanday munosabatda?», deb savol qo‘yadi jurnalist Nargis Qosimova.

«Farg‘ona vodiysi bundan atigi 5 yil muqaddam daraxtlarning, azim chinorlarning ko‘pligidan eng salqin, eng soya, bohavo hududlardan biri edi. Ammo respublikamizda shaharlarni obodonlashtirish borasida faoliyat boshlanishi bilan birinchi galda daraxtlarga tom ma'noda qiron keldi. Shaharning binolar bilan ko‘rkiga ko‘rk qo‘shildiyu, ammo yaydoq cho‘lga aylandi. Albatta, yo‘l chetiga ekilgan aksariyat archa ko‘chatlari kelgusida chinorlardek soyani bermaydi. Yozda harorat ko‘tarilishiga daraxtlarning kamayib ketishi, atmosferaning ifloslanishiga (daraxtlar kislorod chiqarib, karbonat angidridni yutishini unutmaylik!) aholining sog‘lig‘i yomonlashishiga, yurak qon-tomir, nafas yo‘llari kasalliklarining ortishiga olib kelmoqda. Hurmatli rishtonliklar, daraxtlar kesilishiga yo‘l qo‘ymang, o‘zingiz, farzandlaringiz sog‘lig‘i qisman bo‘lsada ana shu daraxtlarga bog‘liqligini unutmang», deya xitob qiladi jurnalist.

Mavzuga oid