Jahon | 09:34 / 14.09.2023
6182
2 daqiqa o‘qiladi

Mask AQSh sanksiyalari tufayli Qrimda Starlink’ni yoqishdan bosh tortgan

SpaceX rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina shoshilinch ravishda Qrimda Starlink’dan foydalanish imkonini berishni so‘ragan. Avvalroq Mask Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya flotiga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Qrimda Starlink’ni ataylab o‘chirib qo‘ygani haqidagi ma’lumotni rad etgan edi. 

Foto: Gonzalo Fuentes/REUTERS

Amerikaning SpaceX kosmik kompaniyasi rahbari Ilon Mask AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli Qrimda Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimini yoqmaganini aytdi. 13 sentabr, chorshanba kuni YouTube’da Maskning tushuntirishlari berilgan All-In Summit texnologik konferensiyasi videosi joylashtirildi. 

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qrimda foydalanish imkonini oldindan so‘ramagan: so‘rov tom ma’noda «yarim tunda» olingan. Maskning ta’kidlashicha, SpaceX Qrimda faoliyat yuritish huquqiga ega emas, chunki yarimorol AQSh sanksiyalari ostida. «Agar AQSh prezidentidan tizimni yoqish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri buyruq bo‘lganida, men buni qilgan bo‘lardim, ammo bunday buyruq olinmadi», deb tushuntirdi u. 

Avvalroq Mask Amerikaning CNN telekompaniyasining SpaceX o‘tgan yili Ukrainaning Sevastopoldagi Rossiya flotiga hujum qilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Qrimda Starlink’ni ataylab o‘chirib qo‘ygani haqidagi xabarini rad etgan edi. CNN bu haqdagi ma’lumotni Maskning so‘nggi tarjimai holidan olgan. Bu inkor etilganidan so‘ng, nashr kelgusi tirajlarda noto‘g‘ri ma’lumotni olib tashlashini e’lon qildi. 

Ilon Maskning tarjimai holida uning jiddiy hujumga javoban Rossiya yadro qurolidan foydalanishi mumkinligidan xavotirlangani haqida ham so‘z boradi. Mask rossiyalik yuqori martabali amaldorlar, jumladan, Rossiya rahbariyati bilan muloqotdan keyin shunday tasavvurga ega bo‘lgan, deyiladi kitobda. 

Mavzuga oid