O‘zbekiston | 14:56 / 09.07.2021
24804
2 daqiqa o‘qiladi

Bojxona qo‘mitasi raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murodjon Azimovga yana bir o‘rinbosar tayinlandi. Qo‘mitaning Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Nodir Musamuhamedov qo‘mita raisi o‘rinbosari sifatida ish boshladi.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berishicha, O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 8 iyuldagi PQ-5179-son qaroriga binoan Nodir Kamalitdinovich Musamuhamedov Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Nodir Musamuhamedov 

O‘z navbatida, prezident farmoyishi bilan qo‘mitaning Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Shavkat Solihov Nodir Musamuhamedovning o‘rniga Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarma boshlig‘i lavozimini egallagan.

Shavkat Solihov

Nodir Musamuhamedov qo‘mita raisi o‘rinbosarligida vakant lavozimni egalladi. 2021 yilning mayida 2010 yildan buyon qo‘mita raisi o‘rinbosari bo‘lgan G‘ofurjon Shukurov Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarma boshlig‘i etib tayinlangach, bu lavozim bo‘sh qolayotgandi.

Yil boshidan buyon Bojxona qo‘mitasi raisining ikki o‘rinbosari almashgandi. 2020 yil noyabrida Anvar Asamov boshqa ishga o‘tkazilgach (avvaliga investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari, 2021 yil aprelidan qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari), vakant qolgan birinchi o‘rinbosar lavozimiga 2021 yil fevralida Ilhom Muxtorov tayinlangandi.

2021 yil aprelida esa Baxtiyor Rahimov investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari lavozimiga o‘tkazilgach, uning o‘rniga O‘tkir Qodirov Davlat bojxona qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Ayni vaqtda Bojxona qo‘mitasi raisining yana bir o‘rinbosari bor - 2016 yil yanvaridan buyon Mutalibjon Soliyev ham rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Mavzuga oid