O‘zbekiston | 13:20 / 17.10.2022
14653
2 daqiqa o‘qiladi

Paxtaobod tumaniga yangi hokim tayinlandi

Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Paxtaobod tumani hokimiga aylandi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi

Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Latifjonov Andijon viloyati Paxtaobod tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

Azizbek Latifjonov / Andijon viloyati hokimligi

Azizbek Rahimovich Latifjonov 1977 yilda Andijon viloyati Izboskan tumanida tug‘ilgan. 1999 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini, 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 1994 yilda «O‘zbekiston sanoat-qurilish banki» ochiq aksiyadorlik tijorat banki Andijon viloyati bo‘limi pul almashtirish shoxobchasi kassiri vazifasidan boshlagan. Turli yillarda bank sohasida faoliyat ko‘rsatgan, 2007 yildan Moliya vazirligi tizimida ishlay boshlagan. 

2007-2011 yillarda Moliya vazirligi Investitsiyalar boshqarmasi hududiy kapital qurilish dasturlarini moliyaviy tartibga solish bo‘limi boshlig‘i, 2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi investitsiyalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari–hududiy kapital qurilish dasturlarini moliyaviy tartibga solish bo‘limi boshlig‘i, 2015-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi investitsiyalar boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat ko‘rsatgan.

Azizbek Latifjonov 2017 yil oktyabrida O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirining moddiy-texnika va moliya-iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Paxtaobod tumaniga 2022 yil fevralidan buyon Elyorbek Usmonov rahbarlik qilib kelayotgandi.

U shu yil sentabrida prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov rahbarligidagi yig‘ilishda rahbarlik etikasi qoidalariga rioya etmagani, xizmat vakolatidan chetga chiqib qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun ishdan olingandi.

Mavzuga oid