Buxoro viloyati prokurori o‘zgardi
So‘nggi uch yil davomida Buxoro viloyati prokurori bo‘lgan Mahmud Istamov ishdan ketgan. Bu Kogon tumani prokurori katta miqdordagi pora bilan qo‘lga tushishi ortidan bo‘lmoqda.
Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya maslahatchisi Ulug‘bek Aslonovich Hamdamov Buxoro viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.
U.Hamdamov tayinlovga qadar Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar prokurori lavozimida ishlagan.
Bu o‘zgarish katta ehtimol bilan o‘tgan haftada viloyatning Kogon tumani prokurori Bahodir G‘ulomov 90 ming AQSh dollari olayotganda qo‘lga tushgani bilan bog‘liq.
16 fevral kuni Andijon viloyatida o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu ish tafsilotlariga to‘xtalib, u jami 200 ming dollar so‘ragani haqida aytgandi va bosh prokurorga ushbu holat yuzasidan topshiriq bergandi.
«Bu o‘zi kurashchi bo‘lib, xodimi o‘g‘ri bo‘lsa, dardimizni kimga aytaylik?» degandi davlat rahbari.
Buxoro viloyatiga 2021 yil yanvaridan buyon Mahmud Istamov prokuror edi. U muqaddam Adliya vazirligida va O‘zbekiston prezidenti devonida (hozirgi prezident administratsiyasi) ishlagan, adliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan, 2019 yil yozida Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari etib saylangandi.
Mavzuga oid
12:40 / 19.12.2024
Jizzax viloyatiga yangi hokim tayinlandi
12:33 / 13.12.2024
Buxoroda 2,6 mln dollarlik kriptoaktivlar bilan savdo qilgan 17 yoshli o‘smir ushlandi
17:52 / 11.12.2024
Timur Ishmetov Markaziy Bank raisi etib tayinlandi
15:57 / 10.12.2024