Jamiyat | 19:08 / 16.12.2024
3140
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘quvchiga qo‘l ko‘targan direktor o‘rinbosariga hayfsan berildi

Narpay tumanidagi maktabda direktor o‘rinbosari 8-sinf o‘quvchisining yuziga urib, sinfdan chiqarib yubordi. MMTB tomonidan direktor o‘rinbosariga hayfsan intizomiy jazosi qo‘llandi.

Foto: Videodan kadr

Bolalar ombudsmani Samarqand viloyati Narpay tumanida o‘quvchiga qo‘l ko‘targan direktor o‘rinbosari ishi yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «Narpayda maktab direktori o‘rinbosari o‘quvchini kaltakladi» sarlavhasi ostida tarqalgan videodagi holat Bolalar ombudsmani tomonidan o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, holat joriy yil 20 noyabr kuni sodir bo‘lgan. Narpay tumani 6-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi A.X. (2010 yilda tug‘ilgan, o‘g‘il bola) dars vaqtida o‘quv qurollari qolib ketgani sabab ularni olib kelish maqsadida mazkur maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sh.M.dan (1991 yilda tug‘ilgan, ayol) ruxsat so‘ragan.

O‘qituvchi ruxsat bermagani sababli o‘zaro janjal yuzaga kelib, Sh.M. voyaga yetmagan o‘quvchini urishib, uning yuz qismiga urgan va sinfdan chiqarib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan A.X.ga nisbatan tan jarohati bo‘yicha sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

O‘z kasbiy vazifasiga zid bunday harakati uchun o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari M.Sh.ga MMTB tomonidan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan.

Avvalroq O‘rta Chirchiqda 9-sinf o‘quvchisi sinfdoshlari tomonidan kaltaklangani, Toshkentda litsey o‘qituvchisi o‘quvchini do‘pposlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid